Ozon resurslarida joylashtirilgan kontent siyosati

Mundarija
2026-yil 13-iyuldagi tahrir

Ozon Resurslarida joylashtiriladigan Kontentga oid ushbu Siyosat (bundan buyon matnda — “Siyosat”) Ozon yoki Foydalanuvchilar tomonidan Ozonʼning har qanday Resurslarida joylashtiriladigan barcha Kontentga, agar bunday Resurslardan foydalanish qoidalarida boshqacha qoida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilmagan boʻlsa, tatbiq etiladi. Siyosat Kontentni nashr etish qoidalari va shartlarini, shuningdek, undan kelgusida foydalanish tartibini belgilaydi.

Umumiy qoidalar

Ozon“Internet Resheniya” MCHJ yoki u bilan affillangan har qanday yuridik shaxs.

Ozon resurslari (Resurslar) — mutlaq huquqlari Ozonga tegishli boʻlgan yoki boshqa qonuniy asoslarda Ozon tomonidan foydalaniladigan va nazorat qilinadigan har qanday saytlar va mobil ilovalar, shuningdek, har qanday ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy akkauntlar va hamjamiyatlar, messenjerlardagi kanallar va h.k.

Foydalanuvchi — Resurslarning har qanday tashrif buyuruvchisi, shu jumladan Verifikatsiyadan oʻtgan va Ozon IDʼdan Ozon IDʼdan foydalanish shartlariga muvofiq foydalanadigan shaxs, Ozon Platformasida tovarlar Sotuvchilari uchun Shartnomada belgilangan Sotuvchi va h.k. Agar Foydalanuvchi Kontentni joylashtirishda ishtirok etmasa, Siyosat unga nisbatan Ozon, boshqa Foydalanuvchilar yoki boshqa uchinchi shaxslar tomonidan joylashtiriladigan Kontentdan foydalanish tartibini belgilash qismida tatbiq etiladi.

Kontent — Foydalanuvchilar, Ozon yoki tegishli Resurs funksionalida nazarda tutilgan hollarda boshqa uchinchi shaxslar Resurslarda nashr etadigan, joylashtiradigan yoki boshqa usulda uchinchi shaxslar koʻrishi uchun ochiq qiladigan har qanday kontent. Kontent intellektual faoliyat natijalari va individuallashtirish vositalarini (Intellektual mulk obyektlari) oʻz ichiga olishi yoki ulardan iborat boʻlishi, fuqarolar/jismoniy shaxslarning tasvirlarini, shuningdek, ular bilan cheklanmagan holda, izohlar, fotosuratlar, videolar, tasvirlar, onlayn translyatsiyalar, matnlar, tavsiflar, shriftlar, logotiplar, piktogrammalar va boshqalarni oʻz ichiga olishi mumkin.

Sotuvchi tomonidan joylashtiriladigan Kontent Ozon sayti (https://ozon.ru/, https://ozon.by/, https://ozon.kz/, https://ozon.uz/ va h.k.) yoki xaridorlar uchun Ozon mobil ilovalari kabi resurslari orqali yuklab olish uchun ochiq emas va faqat Sotuvchilar uchun Ozon Platformasi yoki Ozon Live servis interfeysi orqali yuklab olinishi mumkin.

Ozon bevosita Foydalanuvchilar tomonidan yoki ularning ruxsati bilan Ozon tomonidan joylashtiriladigan Kontentning aniqligi, ishonchliligi va dolzarbligini tekshirmaydi. Joylashtirish uchun Ozonga Kontentni taqdim etadigan Foydalanuvchilar bunday Kontentning mazmuni uchun Ozon va uchinchi shaxslar, shu jumladan davlat organlari oldida toʻliq javobgar boʻladi hamda uchinchi shaxslar tomonidan Ozonga biror-bir eʼtiroz, daʼvo yoki talab bildirilgan taqdirda, bunday eʼtirozlar, daʼvolar yoki talablar munosabati bilan Ozon koʻrgan yoki kelgusida koʻradigan barcha zararlarni Ozonga qoplab berish majburiyatini oladi.

Foydalanuvchilar tomonidan joylashtirilgan Kontent Foydalanuvchi Kontenti deb ataladi. Ozon tomonidan joylashtirilgan Kontent Ozon Kontenti deb ataladi.

Foydalanuvchi Kontentiga, Kontentning quyidagi toifalari ham kiradi:

Savol — Ozon sayti (https://ozon.ru/, https://ozon.by/, https://ozon.kz/, https://ozon.uz/ h.k.) funksionalidan foydalangan holda Foydalanuvchi tomonidan ushbu saytda taqdim etilgan tovar haqida qoldirilgan savol.

Izoh — Ozon sayti (https://ozon.ru/, https://ozon.by/, https://ozon.kz/, https://ozon.uz/ va h.k.) funksionalidan foydalangan holda Foydalanuvchi tomonidan ushbu saytda taqdim etilgan tovar haqida qoldirilgan izoh.

Javob — Ozon sayti (https://ozon.ru/, https://ozon.by/, https://ozon.kz/, https://ozon.uz/ va h.k.) funksionalidan foydalangan holda Foydalanuvchi tomonidan Savolga qoldirilgan javob.

Sharh — Ozon sayti (https://ozon.ru/, https://ozon.by/, https://ozon.kz/, https://ozon.uz/ va h.k.) funksionalidan foydalangan holda Foydalanuvchi tomonidan ushbu saytda taqdim etilgan tovar haqida qoldirilgan sharh.

Ommaviy profil — Ozon saytida (https://ozon.ru/, https://ozon.by/, https://ozon.kz/, https://ozon.uz/ h.k.) muayyan Sharhlar va boshqa Kontentni oʻz ichiga olgan Foydalanuvchi maxsus boʻlimi. Ommaviy profil va uning mazmuni haqida batafsil ma’lumot tegishli boʻlimda keltirilgan.

Boshqa atamalar ushbu Siyosatda Rossiya Federatsiyasining amaldagi qonunchiligida belgilangan maʼnolarda qoʻllaniladi, agar Siyosatda boshqacha qoida toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilmagan boʻlsa.

Verifikatsiyadan oʻtish, Ozon ID’dan foydalanish shartlari da belgilanganidek, Ozon Resurslaridan foydalanish, Foydalanuvchi Kontentini joylashtirish, keyinchalik nashr etish uchun Ozonʼga (xususan, @ozon.ru domenidagi pochta manzillariga) Kontent yuborish, yoki Ozonʻga Foydalanuvchi Siyosatga roziligini bildirgan deb hisoblash uchun asos beradigan boshqa harakatlarni amalga oshirish orqali Foydalanuvchi Siyosat bilan tanishganini va uning shartlarini toʻliq va hech qanday istisnosiz qabul qilganini tasdiqlaydi, shuningdek, ushbu shartlarga rioya qilish majburiyatini oladi.

Sotuvchilar oʻzlari sotayotgan tovarlarga oid Kontentni Ozon Platformasi orqali mustaqil ravishda yuklaydilar va bunday Kontent uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oladilar. Foydalanuvchilar oʻz izohlari, baholari, sharhlari va boshqa Kontentlarni turli Resurslar orqali mustaqil ravishda yuklaydilar va ular uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oladilar.

Ayrim Resurslarning (masalan, Ozon Bestseller) ishlash xususiyatlari Kontentni keyinchalik Resurslarda nashr etish uchun Foydalanuvchilar tomonidan Ozonʼga (shu jumladan, elektron pochta orqali) yuborishni nazarda tutishi mumkin. Koʻrsatilgan holatlarda bunday Kontent uchun barcha javobgarlikham Kontentni Ozonga yuborgan Foydalanuvchilar zimmasida boʻladi.

Ozon Resurslariga dunyoning turli mamlakatlaridan kirish imkoniyati mavjud boʻlganligi sababli, Kontentni joylashtirish/yuklash/nashr etish/yuborishda Foydalanuvchilar tegishli yurisdiksiyalarda amal qiladigan qonunchilik talablarini hisobga olishi va ularga rioya qilishi shart.

Ozon:

  • Foydalanuvchi Kontentini istalgan vaqtda moderatsiya qilishga haqli hamda ogohlantirmasdan Ozon Resurslarida aniqlangan nomaqbul va taqiqlangan Foydalanuvchi Kontentini bloklashi yoki oʻchirishi mumkin.
  • Tegishli Resurslarni monetizatsiya qilish Foydalanuvchilarning nomaqbul yoki yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan xatti-harakatlarini ragʻbatlantirmasligi uchun zarur himoya choralarini mustaqil ravishda belgilaydi va taʼminlaydi.
  • Siyosatda koʻrsatilgan taqiqlarni bevosita yoki bilvosita buzishi mumkin boʻlgan har qanday izoh va boshqa Kontentni yoki Ozon tomonidan axloqqa zid, nomaqbul yoxud Amaldagi qonunchilikni buzuvchi deb baholanishi mumkin boʻlgan Kontentni oʻchirish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
  • Foydalanuvchi ushbu Siyosat shartlarini buzgan taqdirda, ogohlantirmasdan taqiqlangan, axloqqa zid, nomaqbul yoki Amaldagi qonunchilikni buzuvchi Foydalanuvchi Kontentini tarqatgan bunday Foydalanuvchiga nisbatan har qanday cheklovlarni (shu jumladan hisob qaydnomasini bloklashni) qoʻllash, shuningdek Foydalanuvchining tegishli Resursdagi ayrim funksiyalardan foydalanish imkoniyatini cheklash huquqini oʻzida saqlab qoladi.
  • Tarqatilgan Foydalanuvchi Kontentida maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat tarkibi alomatlari aniqlangan taqdirda, maʼlumotlarni, shu jumladan tarqatilgan Foydalanuvchi Kontentining nusxasini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
  • Maxsus bildirishnomasiz, oʻz xohishiga koʻra istalgan vaqtda Siyosatga bir tomonlama tartibda oʻzgartirishlar kiritishi mumkin. Oʻzgartirishlar yangilangan tahrir saytdagi Sayt va ilovalardan foydalanish qoidalari boʻlimida joylashtirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi.

Siyosat buzilganidan xabardor boʻlgan har qanday Foydalanuvchi yoki boshqa manfaatdor shaxs bu haqda Ozon qoʻllab-quvvatlash xizmati chatiga yoki Ozonʼning yuridik manziliga murojaat yuborish orqali Ozonʼga xabar berishi mumkin.

Joylashtirilishi taqiqlangan Foydalanuvchi Kontenti

Resurslarda Foydalanuvchi Kontentining quyidagi turlarini joylashtirish taqiqlanadi:

Nafrat va adovat targʻiboti, terrorizm, ekstremizm

Nafrat va adovatni (milliy, irqiy, diniy va boshqa har qanday) qoʻzgʻatishga, urush, terrorizm va ekstremistik qarashlarni targʻib qilishga qaratilgan kontent, shuningdek, quyidagilarni oʻz ichiga olgan kontentni nashr etish taqiqlanadi:

  • terroristik va ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga chaqiriqlar,
  • irqiy va boshqa turdagi kamsitishlarga chaqiriqlar, terrorizm va terroristik aktlarni qoʻllab-quvvatlash yoki oqlash,
  • terroristik aktlarni sodir etish uchun yollash,
  • ekstremistik materiallarni tarqatish.

Belgilangan tartibni buzgan holda oʻtkaziladigan ommaviy (jamoat) tadbirlarda ishtirok etishga, ommaviy tartibsizliklarga chaqiriqlarni oʻz ichiga olgan materiallarni tarqatishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Haqoratlar va agressiya

Fuqaroning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan, kamsitishga qaratilgan, fuqaro yoki fuqarolar guruhini haqorat qiluvchi kontentni nashr etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Quyidagi belgilar boʻyicha haqorat yoki kamsitishlarni oʻz ichiga olgan kontent taqiqlanadi:

  • jinsi,
  • yoshi,
  • irqiy yoki milliy mansubligi,
  • tili,
  • kasbi,
  • yashash va ishlash joyi,
  • dini,
  • siyosiy qarashlari,
  • tashqi koʻrinishi,
  • boshqa belgilari.

Kamsituvchi, mensimaydigan yoki tajovuzkor ohangdagi izohlar, shuningdek, tahqirlovchi murojaat shakllari, tahdidlar, qoʻrqitish, tajovuzkor taʼqib qilishga chaqiriqlar yoki bunday harakatlarni sodir etish (“bulling”), kelishilgan holda tazyiq oʻtkazish, uyatsiz soʻzlardan foydalanish, mazax qilish va tegajogʻlik qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Fuqaroning obroʻsiga putur yetkazadigan va fuqaroni jinoyat sodir etganlikda ochiq ayblash bilan bogʻliq maʼlumotlarni nashr etish taqiqlanadi.

Quyidagilarga nisbatan hurmatsizlikni ifodalovchi maʼlumotlarni nashr etish taqiqlanadi:

  • jamiyatga,
  • davlatga,
  • rasmiy davlat ramzlariga,
  • Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga,
  • davlat hokimiyatini amalga oshiruvchi organlarga.

Quyidagilar haqoratlar sirasiga kirmaydi:

  • tovar, boshqa jonsiz narsalar yoki vaziyatga nisbatan ishlatilgan adabiy soʻkinishlar;
  • xaridorning tovar haqidagi shaxsiy fikri.

Jinsiy xarakterdagi Kontent, pornografiya

Jinsiy va erotik mazmundagi har qanday kontent, shu jumladan pornografiya, jinsiy qullik, shuningdek pornografiyani targʻib qilish, oʻzining yoki boshqa shaxsning intim hayotiga oid ochiq bayonotlar, muallifning oʻziga ham, uchinchi shaxslarga ham oid har qanday ochiqdan-ochiq mazmundagi xabarlar, erotik mazmundagi (ochiq yoki yashirin) takliflar taqiqlanadi va oʻchirib tashlanishi lozim. Intim tana qismlari yoki jinsiy sahnalar namoyish etilgan kontent taqiqlanadi. Bunday tasvirlarda taqiqlangan tana qismlari toʻliq yoki aniq koʻrinmasligi uchun ular maxsus belgilar bilan yopilgan boʻlishi kerak.

Intim tovarlar faqat ularni koʻrishni xohlagan voyaga yetgan Foydalanuvchilarga namoyish etiladi. Shu sababli, agar intim tovar aks etgan video, fotosurat yoki boshqa tasvirda intim tana qismlari, jinsiy sahnalar namoyish etilsa, taqiqlangan tana qismlari toʻliq yoki aniq koʻrinmasligi uchun bunday tasvirlar maxsus belgilar bilan yopilgan boʻlishi kerak.

Bunday kontentga quyidagi fotosuratlar yoki videolar kirmaydi:

  • “18+” toifasidagi tovarlar;
  • hayvonlarning jinsiy aʼzolari koʻringan tasvirlar.

Zoʻravonlik va shafqatsizlikni targʻib qilish, hayot va sogʻliqqa zarar yetkazish

Zoʻravonlikni targʻib qiladigan, shafqatsizlik va azob yetkazishni odatiy hol sifatida koʻrsatadigan yoki ulugʻlaydigan, dahshatli sahnalarni oʻz ichiga olgan, shuningdek hayot va sogʻliqqa zarar yetkazishga chaqiradigan yoki buni targʻib qiladigan kontentga yoʻl qoʻyilmaydi, xususan:

  • inson yoki hayvonning zoʻravonlik oqibatidagi oʻlimi, inson yoki hayvon qoldiqlari tasvirlari;
  • jarrohlik amaliyotlari, qonga belangan yaralarni namoyish etish;
  • inson yoki hayvonning sogʻligʻi va hayotiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan xavfli harakatlarni namoyish etish;
  • inson yoki hayvonga jismoniy ogʻriq yetkazish, uning sogʻligʻiga zarar yetkazish usullari va yoʻllarini namoyish etish yoki tavsiflash;
  • oʻz joniga qasd qilish usullari haqidagi, shuningdek oʻz joniga qasd qilishga chaqiriqlarni oʻz ichiga olgan kontent;
  • ovqatlanish buzilishlarini targʻib qiluvchi kontent.

Voyaga yetmaganlarning xavfsizligiga tajovuz qilish

Voyaga yetmaganlarning xavfsizligiga tahdid soluvchi, shuningdek ularda ruhiy larzaga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan kontent taqiqlanadi:

  • voyaga yetmaganlarni gʻayriqonuniy va har qanday boshqa harakatlarni sodir etishga undash yoki jalb qilishga qaratilgan kontent;
  • ularning hayoti va (yoki) sogʻligʻi, yoki boshqa shaxslarning hayoti va (yoki) sogʻligʻi uchun xavf tugʻdiradigan harakatlar;
  • voyaga yetmaganlarni jinsiy yoʻldan ozdirishni, voyaga yetmaganlarni jinsiylashtirishni yoki ularning yalangʻochligini aks ettiradigan, oqlaydigan yoki targʻib qiladigan;
  • voyaga yetmaganlarga nisbatan shafqatsizlikni targʻib qiladigan, shu jumladan ularga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zoʻravonlik sahnalarini namoyish etadigan.

Qonunchilikni buzish, jinoyatlar sodir etish

Rossiya Federatsiyasining amaldagi qonunchiligini yoki uchinchi shaxslarning huquqlarini buzadigan, jinoyat va huquqbuzarliklarni sodir etish uchun foydalaniladigan hamda firibgarlik va aldov harakatlarini sodir etishga qaratilgan har qanday kontentni nashr etish taqiqlanadi, shu jumladan, lekin quyidagilar bilan cheklanmagan holda:

  • giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarini ishlab chiqish, tayyorlash va ulardan foydalanish usullari va yoʻllari, yangi potensial xavfli psixoaktiv moddalar, ularni sotib olish joylari, shuningdek tarkibida giyohvandlik vositalari mavjud oʻsimliklarni yetishtirish usullari va joylari haqidagi kontent;
  • ishonchli xabarlar sifatida tarqatiladigan, fuqarolarning hayoti va (yoki) sogʻligʻiga, mol-mulkiga zarar yetkazish xavfini, jamoat tartibining va (yoki) jamoat xavfsizligining ommaviy ravishda buzilishi xavfini yoxud hayot faoliyatini taʼminlash obyektlari, transport yoki ijtimoiy infratuzilma, kredit tashkilotlari, energetika, sanoat yoki aloqa obyektlarining faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki ularning faoliyatini toʻxtatish xavfini yuzaga keltiradigan ishonchsiz ijtimoiy ahamiyatga ega axborotni, chet el agentlarining axborot materiallarini, shuningdek koʻrsatilgan axborot yoki materiallardan foydalanish imkonini beruvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan kontent.

Sotilishi va masofaviy savdosi taqiqlangan tovarlar

Sotilishi yoki masofadan turib sotilishi taqiqlangan tovarlarni sotib olish/sotish boʻyicha takliflarni, shuningdek bunday tovarlarning reklamasini oʻz ichiga olgan kontentni joylashtirish taqiqlanadi.

Reklama, uchinchi shaxslarning saytlariga havolalar

Agar Ozon Platformasidagi sotuvchilar uchun Shartnomada boshqacha qoida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilmagan yoki Ozon bilan kelishilmagan boʻlsa, Sotuvchi Platformada mazmuni “Reklama toʻgʻrisida”gi 38-FZ-sonli Federal qonunning 3-moddasiga muvofiq “reklama” tushunchasiga mos keladigan foydalanuvchi kontentini mustaqil ravishda joylashtirmasligi kerak. Quyidagilarni joylashtirish taqiqlanadi:

  • uchinchi shaxslarning saytlariga havolalar (shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarga havolalar);
  • zararli havolalar yoki dasturlarni oʻz ichiga olgan kontent, shu jumladan fishing sahifalari yoki firibgarlik internet sahifalari va sxemalarining boshqa variantlari mavjud boʻlgan saytlar, ammo bular bilan cheklanmagan holda;
  • qurollar, tamaki, tamaki mahsulotlari, alkogol, har qanday taqiqlangan va zaharli moddalar, shu jumladan har qanday giyohvand moddalar reklamasi;
  • Ozondan tashqari tovarlar va xizmatlarni sotib olish haqidagi takliflar;
  • treninglar, mahorat darslari, seminarlar va boshqa shu kabi tadbirlar, Ozon yoki uchinchi shaxslar tomonidan Ozonʼning ruxsati bilan oʻtkaziladigan tadbirlar bundan mustasno.

Uchinchi shaxslar saytlariga havolalar jumlasiga quyidagilar kirmaydi:

  • “8 800” bilan boshlanadigan ishonch telefonlari raqamlari;
  • tovarlarni taqqoslashda boshqa brendlarni tilga olish;
  • Ozonʼdagi boshqa sotuvchilarni tilga olish;
  • aniq nomlarni tilga olmasdan boshqa servislar va sotuvchilar bilan umumiy taqqoslashlar.

Boshqalar

Yuqorida sanab oʻtilgan cheklovlardan tashqari, quyidagi mazmundagi kontentni nashr etish ham taqiqlanadi:

  • spam;
  • Ozon Resurslarida asossiz afzalliklarga ega boʻlish, Ozon Resurslari sozlamalarini chetlab oʻtish yoki Ozon Resurslari funksiyalaridan bevosita maqsadiga muvofiq boʻlmagan tarzda, shu jumladan Ozon tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri ruxsat etilmagan usullarda foydalanish haqida maʼlumotlar;
  • xayriya mablagʻlarini yigʻish yoki kraudfanding;
  • tovlamachilik va tilanchilik;
  • “klikbeyt” texnologiyalaridan foydalanadigan xabarlar (bosishlar sonini oshirish va materialning Internet orqali tarqalishini ragʻbatlantirish maqsadidagi shov-shuvli sarlavhalar);
  • “layk”lar, obunachilar va boshqa afzalliklarni sunʼiy ravishda koʻpaytirish xizmatlari:
    • ijtimoiy tarmoqlarda,
    • saytlarda,
    • bloglarda;
  • mobil aloqa operatorlariga ulanish xizmatlari;
  • litsenziyalangan dasturiy taʼminotni almashtirish xizmatlari, shuningdek huquq egasi tomonidan oʻrnatilgan raqamli texnikaning texnik himoya vositalari ishini buzishga qaratilgan xizmatlar (masalan, proshivka, Unlock, Jailbreak);
  • qaroqchilikni muhokama qilish (masalan: buzib kirish dasturlari, kalit generatorlari, konsol emulyatorlari);
  • saylovlar va referendumlar toʻgrisidagi Amaldagi qonunchilikda koʻzda tutilgan taqiqlar va cheklovlarni buzuvchi kontent;
  • davlat siri yoki qonun bilan maxsus himoyalangan boshqa maʼlumotlarni oshkor qilish uchun foydalaniladigan kontent;
  • uchinchi shaxslarning mualliflik huquqlarini va intellektual mulkka doir boshqa huquqlarini buzuvchi kontent;
  • mualliflik huquqi bilan himoyalangan materiallarni huquq egasidan tegishli ruxsat olmasdan nashr etish;
  • isteʼmolchilarni chalgʻituvchi kontent;
  • xalqaro miqyosda tan olingan himoya emblemalari, belgilari, signallari yoki boshqa farqlovchi belgilar koʻrinishidagi kontent, ulardan bunday foydalanish xalqaro shartnomalar va Amaldagi qonunchilikka zid boʻlmagan hollar bundan mustasno;
  • Ozon bilan yozma ravishda kelishilmagan holda auksionlar va lotereyalar oʻtkazish, sotish, reklama qilish yoki referal havolalarga oid foydalanuvchi kontenti;
  • uchinchi shaxslarning har qanday shaxsiy maʼlumotlarini ularning roziligisiz yoki Amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa qonuniy asoslarsiz oʻz ichiga olgan kontent (Foydalanuvchi Ozon soʻroviga koʻra bunday shaxsiy maʼlumotlarni joylashtirish qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyatini oladi);
  • qonun bilan taqiqlangan boshqa har qanday axborotni oʻz ichiga olgan yoki uchinchi shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini buzadigan kontent;
  • chet el agentlari deb eʼtirof etilgan shaxslar yoki tashkilotlar tilga olingan kontent, kontentda quyidagi diskleymer mavjud boʻlgan hollar bundan mustasno: “USHBU XABAR (MATERIAL) CHET EL AGENTI [ISM/NOMI] TOMONIDAN YARATILGAN VA (YOKI) TARQATILGAN YOKI CHET EL AGENTI [ISM/NOMI] FAOLIYATIGA TAALLUQLI”;
  • terrorchi va/yoki ekstremist deb eʼtirof etilgan jismoniy shaxslar yoki tashkilotlar, shu jumladan Meta kompaniyasi tilga olingan Kontent;
  • Instagram va/yoki Facebook tilga olingan kontent, kontentda quyidagi diskleymer mavjud boʻlgan hollar bundan mustasno: “Meta Platforms Inc. (Facebook va Instagram egasi) — ekstremistik deb eʼtirof etilgan tashkilot, uning Rossiya hududidagi faoliyati taqiqlangan”;
  • profil tasvirlarida (avatarlarda) Ozon logotipidan foydalanish;
  • profil nomida Ozon nomidan, shuningdek, Ozon Resurslari va servislarining nomlaridan foydalanish.

Sharhlar, izohlar, savollar, javoblar va boshqa Kontentni nashr etish qoidalari

Sharhlarni nashr etish

  1. Sharhlar faqat tovarni sotib olgan Foydalanuvchilar va faqat ushbu tovarga nisbatan, tegishli tovar xarid qilingan sanadan boshlab 365 kalendar kuni ichida qoldirilishi mumkin (bundan buyon matnda bunday Foydalanuvchi “Mijoz” deb ataladi).

  2. Sharhlar moderator tomonidan tekshirilgandan soʻng nashr etiladi.

  3. Tovarlar haqida Sharh qoldirish orqali Mijoz Ozon Sharhlarni uchinchi tomon resurslarida nashr etishga haqli ekaniga rozilik bildiradi, shuningdek boshqa Foydalanuvchilarga Sharhlardan erkin nusxa olish imkonini beradi.

  4. Sharh mazmuniga qoʻyiladigan talablar:

4.1. Mijoz Sharh qoldirayotgan tovarlarning xususiyatlariga eʼtibor qaratishi lozim. Sharh, agar Mijoz tovar nima uchun unga yoqqani yoki yoqmaganining sababini koʻrsatsa, boshqa Foydalanuvchilar uchun juda foydali boʻladi. Matn hajmi boʻsh joylar bilan birga uch mingta belgidan oshmasligi kerak. Mijoz JPEG va/yoki PNG formatida koʻpi bilan 10 ta fotosurat hamda davomiyligi 5 daqiqagacha boʻlgan koʻpi bilan 3 ta videoni yuklashi mumkin.

4.2. Mijoz Sharhda mavjud boʻlgan intellektual faoliyat natijalari yoki individuallashtirish vositalaridan foydalanishga doir mulkiy huquqlar (shu jumladan matnlar, rasmlar, fotosuratlar, videomateriallar, tovar belgilari va boshqalar) unga tegishli ekanini yoki ulardan huquq egasining roziligi bilan qonuniy asoslarda foydalanishini kafolatlaydi.

  1. Moderatorlar quyidagi mazmundagi Sharhlarni rad etadi va nashr etmaydi:
  • senzuraga zid leksikani oʻz ichiga olgan sharhlar;
  • Mijozga ushbu tovar nima uchun yoqmaganligining sabablari koʻrsatilmagan salbiy sharhlar;
  • boshqa Foydalanuvchilar bilan bahs-munozaraga kirishish yoki ularni haqorat qilishga qaratilgan sharhlar;
  • koʻp sonli leksik, imlo va boshqa xatolarni oʻz ichiga olgan sharhlar;
  • lotin harflarida yozilgan sharhlar;
  • reklama xususiyatiga ega materiallarni (shu jumladan telefon raqamlari, manzillar, boshqa saytlarga havolalar, boshqa tovarlarga oid tasvirlar va videomateriallarni) oʻz ichiga olgan sharhlar.
    Istisnolar:
    • “8 800” bilan boshlanadigan ishonch telefonlari raqamlari;
    • tovarlarni taqqoslashda boshqa brendlarni tilga olish;
    • Ozonʼdagi boshqa sotuvchilarni tilga olish;
    • aniq nomlarni tilga olmasdan boshqa servislar va sotuvchilar bilan umumiy taqqoslashlar.
  • biror-bir film, kitob, CD yoki boshqa tovarni topish haqidagi iltimoslarni oʻz ichiga olgan sharhlar;
  • sharh qoldirilayotgan tovarga aloqador boʻlmagan har qanday boshqa begona matn, tasvir yoki videomateriallarni oʻz ichiga olgan sharhlar;
  • boshqa saytlar yoki ommaviy axborot vositalaridan olingan materiallarni oʻz ichiga olgan sharhlar;
  • turli tovarlar haqida bir xil matn shablonlari asosida yozilgan sharhlar;
  • uchinchi shaxslarning sogʻligʻi va rivojlanishiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan maʼlumotlarni (shu jumladan tovardan foydalanish usullari haqidagi maʼlumotlarni) oʻz ichiga olgan sharhlar.
  1. Ozon nashr etilgan sharhlarning mazmuni uchun javobgar emas, chunki ular Foydalanuvchilarning fikrini ifodalaydi va Ozon xodimlarining fikriga mos kelmasligi mumkin.

  2. Ozon huquq egalarining ruxsatisiz intellektual faoliyat natijalari yoki individuallashtirish vositalarini oʻz ichiga olgan sharhlarning joylashtirilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun barcha oqilona choralarni koʻradi. Shu bilan birga, huquq egasidan tegishli maʼlumot olinmagan taqdirda, Ozon sharhlarda mavjud boʻlgan intellektual faoliyat natijalari yoki individuallashtirish vositalaridan foydalanish qonunga xilof ekanini bilmaydi va bilishi ham mumkin emas.

  3. Agar huquq egasi Sharhda oʻziga tegishli intellektual faoliyat natijalari yoki individuallashtirish vositalari tegishli ruxsatsiz joylashtirilganini aniqlasa, u claim@ozon.ru elektron manziliga Sharh joylashtirilgan sayt sahifasi va (yoki) Internet tarmogʻidagi manzilni koʻrsatgan holda yozma ariza yuborishi kerak. Ozon arizani Amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda koʻrib chiqadi.

  4. Sharhni tekshirish va nashr etish muddati — 7 ish kunigacha.

  5. Ushbu Siyosatga mos kelmaydigan Sharh aniqlangan taqdirda, Mijozning keyingi Sharhlarini tekshirish muddati nomaʼlum muddatga uzaytirilishi mumkin.

  6. Ozon istalgan Sharhni istalgan vaqtda sabablarini tushuntirmasdan va Sharh muallifi bilan oldindan kelishmasdan oʻchirish huquqini oʻzida saqlab qoladi.

  7. Sotuvchilarga oʻz tovarini va/yoki oʻzini Sotuvchi sifatida ijobiy baholash va/yoki boshqa Sotuvchilar sotayotgan oʻxshash tovarni va/yoki raqobatchi Sotuvchilar faoliyatini salbiy baholash taqiqlanadi. Ozon bunday holatlarni mustaqil ravishda, shu jumladan bilvosita dalillar asosida aniqlash, bunday Sharhlarni nashrdan olib tashlash va/yoki tegishli Sotuvchiga Sharh qoldirishni butunlay taqiqlash huquqini oʻzida saqlab qoladi.

  8. Mijoz Sharhlarni anonim tarzda yoki Ommaviy maʼlumotlar boʻlimida mavjud boʻlgan oʻz maʼlumotlari va profil tasvirini (avatarni) koʻrsatgan holda nashr etishi mumkin. Agar Mijoz Sharhni anonim tarzda nashr etmasa, u bunday maʼlumotlarni Ozon ishtirokisiz yoki u bilan kelishmasdan mustaqil ravishda nomuayyan doiradagi shaxslarga oshkor qiladi. Bunda tegishli Sharh, agar Sharh yoki profil Mijoz tomonidan yashirilmagan boʻlsa, Mijozning ochiq profilida ham aks ettiriladi. Ozon tegishli ochiq profillar va Sharhlarni turli mavzular boʻyicha guruhlash hamda ularni boshqa Foydalanuvchilarga koʻrish uchun tavsiya etishga haqli.

  9. Agar Mijoz Sharhda quyidagilarni bildirgan boʻlsa, Sharh Ozon qoʻllab-quvvatlash xizmatiga uzatiladi:

    • tovarning barcha qismlarini olmaganligi;
    • tovar shikastlanganligi;
    • tovar buyurtma qilinganidan farq qilishi: modeli, hajmi, vazni va h.k. mos kelmasligi;
    • tovarning yaroqlilik muddati oʻtganligi;
    • tovar muammolarga sabab boʻlgan, ammo bu maʼlumot tasdiqlanmagan;
    • tovar singanligi va undan foydalanib boʻlmasligi.

Sharhlarga Izohlar nashr etish

  1. Izohlarni nashr etish, agar ushbu boʻlimda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, yuqorida belgilangan Sharhlarni nashr etish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

  2. Tovarga buyurtma bergan yoki bermaganidan qatʼi nazar, istalgan Foydalanuvchi Izoh qoldirishi mumkin.

  3. Izoh mazmuni Foydalanuvchi Izoh qoldirayotgan Sharh tegishli boʻlgan tovar bilan bevosita bogʻliq boʻlishi kerak.

  4. Izohni tekshirish va nashr etish muddati — 30 kalendar kunigacha.

  5. Ushbu Siyosatga mos kelmaydigan Izohlar moderator tomonidan rad etiladi va nashr etilmaydi.

Savollar va Javoblarni nashr etish

  1. Savollar va Javoblarni nashr etish, agar ushbu boʻlimda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, yuqorida belgilangan Sharhlarni nashr etish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. nazarda tutilmagan boʻlsa, yuqorida belgilangan Sharhlarni nashr etish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

  2. Savollarni istalgan Foydalanuvchi berishi mumkin, ularga esa faqat Mijozlar va faqat ushbu Mijozlar xarid qilgan tovarlarga nisbatan javob berishi mumkin.

  3. Savol berayotgan Foydalanuvchi oʻzi turgan sahifadagi tovarga eʼtibor qaratishi, shuningdek faqat tovar, uning xususiyatlari, tavsiflari va undan foydalanish xususiyatlari haqida savollar berishi lozim.

  4. Quyidagilar Moderator tomonidan rad etiladi va nashr etilmaydi:

  • javob talab qilmaydigan Savollar;
  • mazmunli boʻlmagan yoki tovarga aloqador boʻlmagan Savollar va Javoblar;
  • ushbu Siyosatga mos kelmaydigan Savollar va Javoblar.

Boshqa Kontentni nashr etish

Tegishli Resursning foydalanuvchi interfeysida nazarda tutilgan hollarda, Foydalanuvchi Sharhlar, Izohlar yoki Savol va Javoblar sirasiga kirmaydigan boshqa Kontentni joylashtirishi mumkin. Xususan, Foydalanuvchi oʻz Ommaviy profiliga fotosuratlar, videolar va matnli tavsiflar ilova qilingan tovarlarning mavzuli toʻplamlarini (“Toʻplamlar”) qoʻshishi, shuningdek istalgan tovarlar roʻyxatlarini (“Istaklar roʻyxati”) yaratishi mumkin.

Foydalanuvchi oʻz Toʻplamlari va Istaklar ro‘yxatining boshqa Foydalanuvchilar uchun koʻrinishini mustaqil ravishda belgilaydi. Agar Toʻplam ommaviy boʻlsa, u ushbu Foydalanuvchining Ommaviy profilida aks ettiriladi va boshqa Foydalanuvchilar uni koʻrishi mumkin. Foydalanuvchi Istaklar ro‘yxatini boshqa Foydalanuvchilar bilan ulashishi mumkin.

Toʻplamlar va Istaklar ro‘yxatlari ushbu Siyosatda Kontentga nisbatan belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi, shu jumladan taqiqlangan Kontentni oʻz ichiga olmasligi hamda uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak.

Chatlar

Ayrim Resurslarda Foydalanuvchiga chat funksionali taqdim etilishi mumkin. Chatlar mazmuni Kontent hisoblanadi va Foydalanuvchi chatlardan foydalanishda Siyosat shartlariga rioya qilish, shu jumladan chatlar orqali taqiqlangan Kontentni yubormaslik majburiyatini oladi. Ayrim Resurslardan foydalanish shartlarida chatlardan foydalanish tartibi va chatlardagi Kontentga nisbatan qoʻshimcha talablar nazarda tutilishi mumkin. Bunday shartlar Siyosatda tartibga solinmagan va unga zid boʻlmagan qismlarda qoʻllaniladi.

Foydalanuvchining ruxsati bilan Ozon tomonidan joylashtiriladigan Kontent

Agar Ozon Foydalanuvchi tomonidan taqdim etilgan Kontentni (joylashtirish uchun texnik imkoniyatni taqdim etgan holda) joylashtirsa (masalan, ekspert fikri shaklida) yoki Kontent mazmuni sezilarli darajada Foydalanuvchi tomonidan yoki uning ishtirokida belgilansa (masalan, bunday Foydalanuvchi bilan intervyu yoki “savol-javob” sessiyasi), quyidagi qoidalar qoʻllaniladi:

  • Kontentni istalgan aloqa vositasi orqali Ozonʼga yuborish Foydalanuvchining uni keyinchalik ushbu Siyosat shartlari va qoidalariga muvofiq Resurslarda nashr etish/joylashtirishga roziligi hisoblanadi.
  • Foydalanuvchi Ozon Kontent nashr etilishidan oldin ham, keyin ham oʻz xohishiga koʻra unga oʻzgartirishlar kiritishi, uni qisqartirishi, Foydalanuvchi Kontentini toʻliq yoki qisman qayta ishlashi, uni boshqa materiallar (shu jumladan uchinchi shaxslarning Kontenti yoki Ozon Kontenti) bilan birlashtirishi, undan Amaldagi qonunchilikka zid boʻlmagan har qanday usulda, shu jumladan anonim tarzda, yaʼni Foydalanuvchini muallif, intervyu beruvchi, ekspert va h.k. sifatida koʻrsatmasdan foydalanishi mumkinligiga rozilik bildiradi va buni tan oladi, agar tomonlar boshqacha tartibni toʻgʻridan-toʻgʻri kelishib olmagan boʻlsa.
  • Agar bunday Kontent uchinchi shaxslarning biror-bir shaxsiy maʼlumotlarini oʻz ichiga olsa, Foydalanuvchi shu orqali Ozonʼni bunday uchinchi shaxslarning shaxsiy maʼlumotlarini Kontent tarkibida Resurslarda joylashtirish uchun ularning amaldagi roziligi yoki boshqa qonuniy asoslar mavjudligiga ishontiradi. Foydalanuvchi, shuningdek, Ozon soʻroviga koʻra bunday shaxsiy maʼlumotlarni Kontent tarkibida joylashtirish qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyatini oladi.
  • Agar Ozon Kontentni (joylashtirish uchun texnik imkoniyatni taqdim etgan holda) anonim tarzda joylashtirmasa, Foydalanuvchi uni muallif, intervyu beruvchi, ekspert, muayyan yuridik shaxsning xodimi/vakili va h.k. sifatida koʻrsatish faqat Foydalanuvchi Ozonʼga taqdim etgan maʼlumotlarga muvofiq amalga oshirilishiga, shuningdek bunday maʼlumotlar uchinchi shaxslarning huquqlarini (xususan, shaxsiy nomulkiy huquqlarini) va Foydalanuvchining majburiyatlarini buzmasligiga rozilik bildiradi va buni tan oladi. Oʻz maʼlumotlarini Foydalanuvchi Kontenti tarkibida joylashtirish uchun Ozonʼga taqdim etish orqali Foydalanuvchi bunday maʼlumotlarni mustaqil ravishda va Ozon bilan kelishmasdan nomuayyan doiradagi shaxslarga oshkor qiladi hamda ularning ishonchliligini kafolatlaydi.
  • Kontentni yuborish orqali Foydalanuvchi Ozonʼga Kontentdan qonun bilan taqiqlanmagan har qanday, usulda butun dunyo hududida, shu jumladan, lekin ular bilan cheklanmagan holda, Ozon Resurslarida joylashtirish orqali foydalanishga muddatsiz va bepul rozilik beradi.
  • Sotuvchi qoʻshimcha ravishda Ozonʼga Ozon Platformasidagi tovar Sotuvchilari uchun Shartnomada belgilanganidek, Ozon Platformasida joylashtiriladigan Tovar kartochkalaridagi Kontentdan qonun bilan taqiqlanmagan har qanday usulda, oʻz xohishiga koʻra oʻzgartirishlar kiritish huquqi bilan va mualliflarni koʻrsatmasdan, butun dunyo hududida, Servislarda foydalaniladigan sunʼiy intellekt va mashinaviy oʻqitish algoritmlarini oʻqitish, sinovdan oʻtkazish va takomillashtirish maqsadlarida foydalanishga muddatsiz va bepul rozilik beradi, ushbu maqsadlar Ozon generatsiya servislaridan foydalanishning Umumiy shartlarida belgilangan maʼnoda qoʻllaniladi. Sotuvchi, shuningdek, agar yuqorida koʻrsatilgan maqsadlarga erishish uchun zarur boʻlsa, Tovar kartochkalaridagi Kontent shaxssizlantirilgan holda uchinchi shaxslarga berilishi mumkinligiga rozilik bildiradi. Koʻrsatilgan rozilik qaytarib olinmaydi va Sotuvchi keyinchalik Kontentni va/yoki Tovar kartochkalarini Ozon Platformasidan oʻchirib tashlasa yoki Ozon Platformasidan foydalanishni toʻxtatsa ham oʻz kuchida qoladi.
  • Kontentni yuborish Foydalanuvchi tomonidan Ozonʼga bunday Kontent/uning Resurslarda nashr etilishi Amaldagi qonunchilikka muvofiqligi, uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsiga putur yetkazmasligi, Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni va uchinchi shaxslarning nomoddiy neʼmatlarga boʻlgan huquqlarini hech qanday tarzda buzmasligi, Ozonʼning ulardan foydalanishiga toʻsqinlik qilishi va har qanday talablar, shu jumladan, lekin ular bilan cheklanmagan holda, eʼtirozlar, sud daʼvolari va koʻrsatmalar bildirilishiga asos boʻlishi mumkin boʻlgan uchinchi shaxslarning har qanday majburiyatlari/huquqlaridan xoli ekaniga kafolat berilishini anglatadi.
  • Kontentni yuborish orqali Foydalanuvchi Ozonʼni Ozonʼga nisbatan daʼvo, shikoyat yoki boshqa har qanday talab bilan murojaat qilish uchun qonuniy va huquqiy asos boʻlishi mumkin boʻlgan, Kontentdan foydalanish bilan bogʻliq holda uchinchi shaxslarning intellektual, shaxsiy nomulkiy yoki boshqa huquqlari buzilishiga oid biror-bir fakt unga maʼlum emasligiga ishontiradi. Agar Ozon tomonidan Kontentdan foydalanish unga nisbatan davlat organlari va/yoki uchinchi shaxslar tomonidan Amaldagi qonunchilik buzilishi yoki uchinchi shaxslarning huquqlari, xususan, Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlar buzilishi bilan bogʻliq eʼtirozlar, daʼvolar va/yoki koʻrsatmalar bildirilishiga asos boʻlsa (lekin bular bilan cheklanmagan holda), Foydalanuvchi Ozon talabiga koʻra unga darhol barcha zarur maʼlumotlarni taqdim etish va nizoni hal qilishda Ozonʼga koʻmaklashish majburiyatini oladi.

Siyosatda nazarda tutilgan har qanday kafolat va/yoki tasdiqlar buzilgan taqdirda, Foydalanuvchi Kontentdan foydalanish munosabati bilan uchinchi shaxslar tomonidan Ozonʼga nisbatan eʼtirozlar bildirilishi bilan bogʻliq barcha zararlarni Ozonʼga qoplab berish majburiyatini oladi.

Uchinchi shaxslar tomonidan Kontentni, shu jumladan shaxsiy maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan Kontentni keyinchalik tarqatilishiga yoki undan boshqa tarzda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ozon ushbu Siyosatni bajarish, shu jumladan Kontentni tayyorlash va keyinchalik joylashtirish uchun Ozon bilan tegishli (masalan, ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilish, marketing va h.k. boʻyicha) shartnomalar tuzgan uchinchi shaxslarni — hamkorlarni jalb etishga haqli. Ozon Foydalanuvchilar bilan bogʻlanish hamda ular bilan Kontentni tayyorlash va keyinchalik joylashtirish masalalarini muhokama qilish zarur boʻlgan hollarda, Foydalanuvchilarning aloqa maʼlumotlarini bunday uchinchi shaxslarga berishga haqli.

Mundarija

Navigatsiyani yashirish

Navigatsiya ko‘rsatish